LIMSpec Wiki
Mundarija
Falsafada materializm atamasi ostida faqatgina materiya va/yoki energiya mavjud ekanligini taʼkidlovchi dunyoqarash tushuniladi; materializmga koʻra barcha narsalar materiya yoki energiyadan iborat, barcha fenomenlar (jumladan, idrok) ham materiya-energiya oʻzaro taʼsirlashidan kelib chiqadi. Boshqacha aytganda, yagona substansiya materiya boʻlib, voqeʼlik energiya va materiya holatlari bilan bir xil.
Materializm (lot. materialis — moddiy) — falsafadagi asosiy oqimlardan biri; moddiy, tabiiy, jismoniy olamning obyektiv ravishda, yaʼni uning iroda, ruh, ongga bogʻliq boʻlmagan holda mavjudligini va ularga nisbatan birlamchiligini taʼkidlashga asoslangan falsafiy taʼlimot. Idealizmning muqobili. M. ruhiy hodisalar va qadriyatlarning mustaqil mavjudligini inkor etadi va ularni olamning birlamchi boʻlgan moddiy asosi rivojining oliy darajasida vujudga keladigan xossa va munosabatlari tarzida talqin qiladi. M.ning gno-seologik (bilishdagi) ildizini amaliyot, insonning voqelikni oʻzgartirishga qaratilgan olamshumul tarixiy tajribasi tashkil etadi.
M.ga tabiatshunoslik fanlari, texnikaga alohida eʼtibor bilan qarash xosdir. M. fransuz Maʼrifatchiligi davrida (J. Lametri, P. Golbax, D. Didro va boshqalar) ravnaq topdi, ammo, Yevropa falsafiy fikriga hal qiluvchi darajada taʼsir etish mavkeiga 19-asrdagina (K. Marks, F. Engels, L. Feyerbax va boshqalar) erishdi.
M. idealizmning "xato" fikrlariga qarshi oqim tarzida namoyon boʻlib, oʻzining bir yoqlamaliligi tufayli barcha muhim, insoniy muammolar (ong, mavjudlik, hayotning maʼnosi hamda maqsadi, qadriyatlar va hokazo) oldida butunlay ojizlik qilib, ularning chuqur maʼnosini taxlil etishga nochorligi sababli ularni xayoliy muammolar tarzida rad etadi.
M.ning u yoki bu shakldagi namunalari, unsurlari, rivojlanish yoʻllari azaldan Sharkda ham, Gʻarbda ham mavjud boʻlgan. Biroq, M., asosan, Gʻarb falsafiy fikriga koʻproq taallukli, unda yaqqol shakllangan hodisa boʻlib, uning oʻziga xos shakllardagi rivojini mazkur maʼnaviy madaniyat taraqqiyotidagi deyarli barcha bosqichlarda kuzatish mumkin.
M. — mohiyatan oʻz maqsadlarini oʻzining mavqei (koʻp sonliligi va oʻzini muayyan jismoniy kuch, deb his etishi) tufayli roʻyobga chiqarishga umid qiluvchi, avom maʼqul koʻradigan fikrlash tarzidir. M.ning quyidagi koʻrinishlarini farqlash mumkin: 1. Tabiiy M. U materiyada, xususan, uning muayyan tarkibiy tuzilishida (mas, atomlarda) pirovard jismoniy voqelikni koʻradi (klassik mexanika); eng yangi (kvant) fizika maʼlumotlari bu M. tamoyillariga jiddiy putur yetkazdi. 2. Biologik yoki fiziologik M. U jon va ruhga nisbatan yuqoridagi qarashni tiqishtiradi hamda moddiylik va gʻayrimoddiylikning oʻzaro tub farqini inkor etadi. 3. Axloqi y M. foydali narsalarni yoki manfaat uchun foydalanish mumkin boʻlgan qadriyatlarnigina eʼtiborga loyiq, deb hisoblaydi va mustaqil nomoddiy olamning mavjudligini inkor qiladi. 4. Dialektik M. — kommunistik davlatlarning rasmiy falsafasi, uning siyosati va fanining uslubiy asosi boʻlib xizmat qilgan. 19-asrda K. Marks va F. Engels tomonidan Gegel dialektikasini yaxlit materialistok dunyoqarashga aylantirish asosida shakllangan hamda oʻz ichiga tarixiy M. — tarixni materialistok tushunish nazariyasini olgan.
Odatda, "M." tushunchasi realizm (tafakkurga bogʻliq boʻlmagan va ongdan tashqarida mavjud boʻlgan reallik) maʼnosida ham qoʻllanadi.
M. oddiy qilib aytganda, vokelikni moddiy sababga asoslanib tushuntiruvchi taʼlimotdir.
Adabiyot
- Gunnar Skirbekk, Nils Gilye, Falsafa tarixi [rus tilidan I. Soifnazarov va J. Mahkamov tarjimasi], T., 2002; Gorbachev V. G., Osnovi filosofii [Kurs leksiy], M., 1998.
Abdulhafiz Jalolov.[1]
Aksariyat faylasuflar materializm fizikalizmga sinonim, deydi. Biroq materializmning materiyani „inert, shakl va harakati mavjud“ deydigan klassik taʼrifi gravitatsiya kabi hodisalarni izohlay olmaydi. Yangi materializm materiyaning taʼrifini kengaytirib, fizikaga mos keldi.
Materializmga yaqin dunyoqarashlari sirasiga shuningdek metodologik naturalizm (masalan, „fan bilan shugʻullanish uchun fizikalizmni haq, deb qabul qilish kerak“) va metafizik naturalizm (masalan, „falsafa va fan fizik borliqqa koʻra ishlashi kerak“) kiradi.
Materializmdan farq qiluvchi dunyoqarashlar qatoriga idealizm, ayrim monizm shakllari, dualizm va pluralizm kiradi.
Yana qarang
Manbalar
Umumiy mavzular | Sharq falsafasi · Gʻarb falsafasi | Falsafa tarixi: Antik · Oʻrta Asrlar · Oydinlashma ·Renessans ·XVII asr ·XVIII asr · XIX asr ·XX asr |
Sohalar | Estetika · Etika · Epistemologiya · Mantiq · Metafizika · Taʼlim falsafasi · Tarix falsafasi · Til falsafasi · Huquq falsafasi · Fan falsafasi · Metafalsafa · Siyosat falsafasi · Din falsafasi · Urush falsafasi |
Oqimlar | Tahliliy falsafa · Determinizm · Dialektik materializm · Ratsionalizm · Ekzistensializm ·Absurdizm ·Hegelchilik · Gumanizm · Idealizm · Materializm · Yangiaflotunchilik · Nigilizm · Fenomenologiya · Aflotunchilik · Pozitivizm · Postmodernizm · Pragmatizm · · Sxolastitsizm · Stoitsizm |