Bioinformatics Wiki
Mundarija
Banan (Musa) – banansimonlar oilasiga mansub koʻp yillik tropik oʻsimlik. Vatani Afrika va Osiyoning tropik va subtropik zonalari hamda Malayya arxipelagi. Asosan, Lotin Amerikasi mamlakatlarida oʻstiriladi. Bananning boʻyi 15 m gacha boradi, bargi yirik (uzunligi 4 m gacha, eni 90 sm gacha). Bananning 40 ga yaqin turi bor. Guli qoʻsh jinsli. Mevasi rezavor meva. Bir tup mevada 300 tagacha mevasi bor (60 kg gacha). Bir mevasining uzunligi 15 sm gacha, diametri 3 – 4 sm ga boradi. Sargʻish, eti oqish, shirin. Etining tarkibida 75 – 76% suv, 14 – 22% qand, 5 – 8% kraxmal, 1,5% gacha protein, 0,3 – 0,6% moy bor. Partenokarpiya usulida (otalanmasdan) meva hosil qiladi, shuning uchun urugʻi puch. Banan mevasi xoʻlligicha hamda quritilgan holda isteʼmol qilinadi. Koʻpchilik turlarining mevasi yeyishga yaramaydi. Banan ildiz bachkilari yordamida koʻpayadi. Ayrim turlaridan dengizchilikda qoʻllaniladigan arqonlar, baliq ovlash toʻrlari tayyorlashda ishlatiladigan tola (abaka) olinadi. Bananning xushmanzara daraxt sifatida koʻchalar, parklarda va uylarda oʻstirilgan turlari ham bor.
Adabiyotlar
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil