Type a search term to find related articles by LIMS subject matter experts gathered from the most trusted and dynamic collaboration tools in the laboratory informatics industry.
Shialik (arabcha: شيعة shi’a — guruh, tarafdorlar) — islomdagi yoʻnalishdan biri. Ushbu diniy sekta vakillari Ali ibn Abu Tolib (Muhammad paygʻambarning amakivachchasi, kuyovi, sahobasi va oʻrinbosari) hamda uning avlodlarini Muhammad paygʻambarning qonuniy merosxoʻrlari va diniy jihatdan davomchilari deb hisoblashadi.
Shia (shi’a) soʻzi arab tilidan tarjima qilinganda "izdosh" yoki "tarafdor" degan maʼnoni anglatadi.
Ushbu soʻz Qurʼonda ham mavjud boʻlib, Ibrohim paygʻambar „Nuh payg‘ambarning shiasi, yaʼni tarafdori va izdoshi“ deb aytilgan.
﴿وَإِنَّ مِنْ شِيعَتِهِ لَإبْرَاهِيمَ﴾
„Haqiqatan, Ibrohim ham u [Nuh]ning tarafdorlaridandir“.
(Saffot surasi, 83-oyat)
„Shia“ so‘zi istilohda musulmonlarning shunday bir guruhiga aytiladiki, ularning eʼtiqodi bo‘yicha, Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘zlaridan keyin o‘rinbosar va xalifani tayinlab ketganlar, milodiy 632-yil Zulhijja oyining 18-kuni „Gʻadiyr Xum“ degan joyda butun musulmonlarning ko‘z o‘ngida o‘zlaridan keyingi siyosiy, diniy va ilmiy rahbarni tayin etganlar va bu inson Ali dir.
Muhammad paygʻambarning vafotlaridan so‘ng musulmonlar — muhojir va ansorlarning ikkiga bo‘linishiga quyidagilar sabab boʻlgan:
Bir guruh musulmonlar Muhammad sollallohu alayhi vasallam xalifalik (oʻrinbosarlik) masalasiga eʼtiborsiz bo‘lmay, o‘zlaridan so‘ng Islom ummatiga rahbar va yo‘lboshchi tayin etganlar, deb iymon va ishonch hosil qilishgan, u ham bo‘lsa payg‘ambarga eng birinchi iymon keltirgan inson — Ali ibn Abu Tolibdir.
Ushbu guruh muhojir va ansordan tashkil topgan insonlar bo‘lib, ularning boshliqlari Banu Hoshim avlodlari va boshqa buyuk sahobalardir. Chunonchi; Ammor ibn Yosir, Salmon Forsiy, Abu Zar Gʻiforiy, Miqdod ibn Asvad, Hubob ibn Arat va boshqalar ushbu guruhdan edilar. Bular Rasulullohning ko‘rsatgan yo‘llarida qolib, hazrati Aliga ergashganliklari sababli "Shiy’atun Ali" („Alining shiasi“) deb nom oldilar.
Bu xususda hadis ham mavjud boʻlib, unga koʻra Muhammad hayotlik chog‘larida hazrati Ali(roziyallohu anhu)ga ergashganlarga „Shia“ nomini bergan edilar va bu xususida Ali ibn Abu Tolibga ishora qilib shunday deb marhamat qilgan edilar:
„والَّذِي نَفسِي بِيَدِه، أنَّ هَذَا وَشِيعَتَهُ لَهُمُ الْفَائِزُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ“
„Albatta mening jonim Uning qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, mana bu [Aliga ishora qilib] va uning shialari Qiyomat kunida najot topuvchilardir“. [Jaloluddin Suyutiy, „Ad-durrul mansur“, 6-jild, Al-Bayyinah surasining 7-oyati tafsirida].
Shunday qilib, Islomning dastlabki davrida musulmonlarning bir guruhi imomat va peshvolik maqomi ham xuddi payg‘ambarlik maqomi singari Alloh taolo tomonidan tayin etilgan, degan aqidaga ega bo‘lganlari bois, ular „Shia“ nomi bilan tanilganlar. Ushbu toifa musulmonlar hozirgi kunga Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatgan yo‘llaridan borib, ul zotning Ahli-Baytlariga ergashib kelmoqdalar.
Ikkinchi guruh musulmonlarining eʼtiqodiga ko‘ra, xalifalik mansabi saylov yo‘li bilan aniqlanadi. Bu guruh vakillari Abu Bakr roziyallohu anhuni xalifa qilib saylashgan va keyinchalik „Ahl as-Sunna val-Jamoa“ (Ahli sunnat") yoki „Ahli tasannun“ nomini olishgan.
Oxir-oqibat, Islom olamidagi bu ikki toifaning fiqhiy va eʼtiqodiy masalalarda umumiy va o‘xshash tomonlari ko‘p bo‘lishiga qaramay, Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan so‘ng xalifalik masalasida ular o‘rtasida ixtilof yuzaga keldi va yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu ikki guruhning ilk shaxslari muhojir va ansorlardan tashkil topgan sahobalar edi.
Shialik yoʻnalishidagi musulmonlarning dunyoqarashi, taʼbir joiz bo‘lsa, ularning borliq va voqelikka nisbatan bo‘lgan g‘oyasi boshqa toifadagi musulmonlardan farqlanib, ular dinning quyidagi asoslariga yondashadilar:
1. Tavhid (Allohning yagonaligi yoxud yakkaxudolik)
2. Allohning odilligi (Alloh adolatli zotdir)
3. Nubuvvat (payg‘ambarlarga iymon)
4. Imomat (ummatga rahnamolik qilish ilohiy mansabdir)
5. Maod (qiyomat va qayta tirilishga ishonmoq)
Ahli-Bayt mazhabiga bo‘yin eggan musulmonlarning aqiydasi bo‘yicha, yuqorida zikr qilingan dinning asoslari islom olamidagi eʼtiqodning negizini tashkil etishi shubhasizdir. Shu bois, islomdagi boshqa mazhablarning eʼtiqodida o‘rin topgan din asoslaridan farqli ravishda Ahli-Bayt mazhabining eʼtiqod majmuida Allohning odilligi va imomat ham aqoid asoslaridan hisoblanadi.
Shialik VII asr oxirlariga kelib Iroq va Eronda keng tarqalgan. Shialik avval faqat siyosiy harakat sifatida shakllangan boʻlsada, keyinchalik aqidaviy va fiqhiy masalalarda turli oʻziga xos jihatlar paydo boʻldi. Buning natijasida Shia ham mustaqil oqim sifatida faoliyat koʻrsata boshladi. Shialikda musulmonlar jamoasi yoki davlatida faqat Muhammad sollallohu alayhi vasallam avlodi (Ali va Fotimadan tarqalgan avlodlari) hukmron boʻlish huquqiga ega deb hisoblanadi. Ularning taʼlimotiga koʻra, rahbar jamoa tomonidan saylanmay, rahbarlik meros sifatida oʻtadi. Imomlik paygʻambarlik kabi ilohiy mansab hisoblanadi. Shialikka koʻra, paygʻambar vafotidan keyin xalifalikka Abu Bakr roziyallohu anhutayinlanadi. Shia tarafdorlari (shialar) sunniylar kabi Qurʼonni ilohiy deb eʼtirof etadi, lekin ularning ayrim oʻta reaksion ruhdagi vakillari xalifalar davrida Qurʼonning ayrim qismlari tushirib qoldirilgan deb hisoblaydi. Shia ilohiyotchilari Qurʼonning mazmunini majoziy sharhlash orqali oʻz taʼlimotlarini asoslaydi. Ular faqat Ali roziyallohu anhu va uning avlodlari tomonidan rivoyat qilingan hadislarni tan oladi. Bunday hadislardan iborat toʻplam tuzilib, u axbor deb atalgan. Shialikda 8 ta aqidaga eʼtiqod qilinadi. Bular — tavhid (Allohning yagonaligini eʼtirof etish), adl (adolat, Allohning odilligi, yaʼni taqdir aqidasi), nubuvvat (paygʻambarlik), imomat (imomlik — imomlar hokimiyatini eʼtirof etish), Amri maʼruf (yaxshilikka buyurish), Nahyi munkar (yomonlikdan qaytarish), tavallo (Alloh doʻstlarini doʻst tutish), tabarro (Alloh dushmanlaridan uzoqlanish). Shialikda Ali roziyallohu anhu va uning avlodlaridan iborat oʻn ikki imom hokimiyati tan olinadi. 874—878 yillar orasida 7—9 yoshida bedarak yoʻqolgan 12-imom Muhammad al-Mahdiyni shialar „yashiringan“ hisoblaydi, zamona oxir boʻlganda uning qaytib kelishini va adolat oʻrnatishini kutadi (imomi Mahdiy, imomi oxir zamon). Shialikda 12 imomlik (isnoashariya) Ali ibn Abu Tolibdan boshlanib, uning Fotimadan boʻlgan oʻgʻillari Hasan va Husaynga oʻtadi va Muhammad al-Mahdiyga borib tugaydi. Shuning uchun Shialikdagi isnoashariylar firqasi „oʻn ikki imomni eʼtirof qiluvchilar“, deb nomlangan. Isnoashariylarning baʼzilari Alini Paygʻambardan afzal deb eʼtiqod qiladilar hamda Ali va uning 11 avlodi insonlarga rizq berib turadi, deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, Ali va uning avlodlari Paygʻambardan keyingi Allohning hujjatlaridir. Ularning buyruqlari, taqiqlari Paygʻambarning buyrugʻi, taqiqidir, ularga itoat qilish — Paygʻambarga itoat qilishdir, ularga boʻysunmaslik — Paygʻambarga isyon qilishdir. Ularning jasadlari nuroniyliklari sababli qabrlarda chirimaydi yoki baʼzilarining eʼtiqodiga koʻra, osmonga koʻtariladi. Shialar sunniylar kabi Makka va Madinani muqaddas hisoblash bilan birga, Karbalo, Najaf shahrilarida joylashgan Shia imomlari qabrlarini ham ziyorat qiladi. Shialikda 1 ta diniy-huquqiy mazhab — jaʼfariylik mavjud. Shialar imom Husaynga motam tutadi, „shaxseyvaxsey“ deb nom olgan motam yurishlari oʻtkazadi va hokazolar. Oʻrta asrlarda Shialar ichida ixtiloflar yuz bergan, natijada koʻp firqalar vujudga kelgan. Bulardan zaydiylar, ismoiliylar, ibodiylar va boshqalar hozir ham mavjud. Shialar hozirgi vaqtda Eronda hukmron eʼtiqod hisoblandi. Iroq, Suriya, Livan, Afgʻoniston, Hindiston va Pokistonda shialar bor. Ozarbayjon va Tojikistonda (Pomirda ismoiliylar) aholining muayyan qismi Shialikka eʼtiqod qiladi. Samarqand va Buxoroda ham Shialar mavjud