Type a search term to find related articles by LIMS subject matter experts gathered from the most trusted and dynamic collaboration tools in the laboratory informatics industry.
Burun — odam va umurtqali hayvonlar nafas yoʻllarining boshlangʻich qismi va hid bilish aʼzosi. Ovoz chiqarish va soʻzlashda rezonator vazifasini oʻtaydi (ovozni kuchaytiradi va unga ohang beradi); tashqi burun, burun boʻshligʻi va burunning yondosh boʻshliqlariga boʻlinib, yondosh boʻshliqlar burun boʻshligʻiga tor teshiklar orqali ochiladi. Tashqi burun suyaktogʻay skeletidan tuzilgan. Togʻay toʻqima borligi tufayli tashqi burun egiluvchan. Burun terisi bagʻrida yogʻ bezlari bor. Burun boʻshligʻi (Cavitas nasi) yupqa toʻsiq orqali ikki boʻlakka ajralgan boʻlib, kataklar orqali tashqi muhit bilan, xoana orqali esa burun-halqum bilan tutashadi. Burun boʻshligʻining tubi qattiq tanglay suyagi hisoblanib, yuqori devori gʻalvirsimon yupqa suyak plastinkadan iborat, hidlov nervining tolalari shu plastinka teshiklaridan oʻtib, burun boʻshligʻiga kiradi. Burun boʻshligʻi devorini hilpillovchi epiteliyli shilliq parda qoplab olgan. Uning tuklari bir maromda tebranib turadi. Burun boʻshligʻini ikkiga (oʻng va chapga) boʻlib turgan toʻsiqning orqa qismi suyak toʻqima, old qismi togʻaydan iborat boʻlib, Burun boʻshligʻining ichki devorini hosil qiladi. Bu boʻshliqning yon devorida uchtadan burun chigʻanogʻi boʻlib, ular ostidan yuqori, oʻrta va pastki havo yoʻllari oʻtgan. Yuqori va oʻrta havo yoʻlining yon devorida teshikchalar bor, Burun boʻshligʻi shular orqali oʻzining yondosh boʻshliqlari bilan tutashadi. Pastki havo yoʻlida yosh burun kanalining teshigi boʻlib, bundan burun boʻshligʻiga yosh oqib tushadi. Burunning yondosh boʻshliqlari toʻrt juft: yuqori jagʻ, peshona, asosiy va gʻalvirsimon boʻshliq. Burun boʻshligʻi orqa tomondan halqum (yutqin)ga katta choʻzinchoq teshiklar — xoanalar bilan tutashadi. Burun boʻshligʻini qoplagan shilliq pardaning yuqori qismida hidlov nervining oxirlari tarmoqlangan, qolgan qismidagi hilpillovchi epiteliy tuklari Burun teshiklari tomon tebranib turadi. Burun boʻshligʻi nafas olish, muhofaza, hid bilish va rezonans funksiyalarini bajaradi. Nafasga olingan havo Burun boʻshligʻidan oʻtish vaqtida changtoʻzon zarrachalaridan tozalanadi. Burun shilimshigʻidagi moddalar burun boʻshligʻiga tushgan mikroblarni bir qadar yuqumsizlantiradi. Sovuq havo burun yoʻllaridan oʻtayotganda isiydi va qon tomirlarga boy boʻlgan shilliq pardalarga tegib namlanadi. Shilliq pardadagi hid bilish nervi hujayralari turlituman hidlarni bir-biridan ajratish imkonini beradi. Burun orqali nafas olganda havo burundan oʻta turib chang va mikroblardan tozalanadi, iliydi va namlanadi. Burun kasalliklarini otorinolaringologiya fani oʻrganadi.