Informatics Educational Institutions & Programs
Mundarija
Balet (lotincha: ballo — raqsga tushaman) — asar mazmuni musiqiy xoreografik obrazlar vositasi bilan ifodalanadigan sahna sanʼati turi. Oʻzida sanʼatning dramaturgiya, musiqa, xoreografiya, tasviriy sanʼat kabi turlarini uygʻunlashtiradi, bu sanʼat turlarining hammasi alohida-alohida mavjud boʻlmay, baletning sintez markazi boʻlgan xoreografiyaga boʻysunadi.
Balet librettochi, kompozitor, baletmeyster va rassom hamkorligida yaratiladi. Baletning dramaturgik asosi libretto (ssenariy)dan boshlanib, unda asarning asosiy mazmuni, gʻoya, ziddiyat va harakterlari aniq belgilanadi. Libretto koʻpincha adabiy asarga asoslanib, uni musiqa va xoreografiyada gavdalantirish imkoniyati hisobga olinadi. Ssenariy asosida esa kompozitor balet musiqasini yaratadi. Uning izchilligi, sahna koʻrinishi, parda va nomerlarga boʻlinishi ssenariyda koʻrsatiladi. Musiqa faqat ssenariyni ifodalabgina qolmay, balki musiqali obrazlarning mazmuni bilan uni boyitadi. Balet musiqasi xoreografiyani yaratish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Balet— musiqada yozilgan, xoreografiyada gavdalantirilgan drama. Xoreografik harakatning asosi raqs va inson tanasining plastikasidir. Baletda raqsning mumtoz, harakterli, sahna, xalq, erkin plastika, "modern" kabi turlaridan foydalaniladi. Mumtoz raqs Yevropa balet sanʼatida yetakchi oʻrinni egallab, pantomima, raqsning boshqa turlari, sport va akrobatika elementlari bilan boyib bormoqda. Balet spektaklida dekoratsiya, libos, yorugʻlik va boshqa hamma tasviriy vositalarni musiqiy-xoreografik harakatga uygʻunlashtirish rassomning vazifasidir. Balet spektaklining ijrosi, musiqiy talqini va musiqa bilan raqs harakatining uygʻunligiga dirijyor rahbarlik qiladi. Baletning fojia, komediya, pyesa, balet — simfoniya kabi janrlari mavjud. Balet spektakllari bir pardali, koʻp pardali boʻladi. Balet atamasi asosan 16–19-asrlar davomida shakllangan yevropa balet sanʼatini ifodalaydi, lekin 20-asrdan kengroq talqin qilinib, Osiyo va Afrika mamlakatlarining raqs tomoshalariga nisbatan ham ishlatiladi. Yevropa baletining paydo boʻlishi qadimiy xalq musiqali raqs tomoshalariga borib taqaladi. 15–16-asrlar teatrlashgan raqslarning shakllanish jarayoni avval Italiyada, soʻng boshqa mamlakatlarda balet sanʼatini vujudga kelishiga sabab boʻldi. 1581-yil Fransiyada yaxlit va rivojlangan mazmunli musiqa, raqs, pantomima, soʻz va ashula bilan ifodalangan birinchi balet spektakli ("Qirolichaning hajviy baleti") yaratildi. 1661-yil Parijda tashkil qilingan "Qirollik raqs akademiyasi" baletning professional sanʼatga aylanishida katta rol oʻynadi. 18-asrda Angliya, Avstriya va Fransiyada balet batamom mustaqil sanʼat turi sifatida shakllandi. Rossiyada birinchi balet spektakli 17-asrning 70-yillarida ("Orfey va Evredika haqida balet") yaratilgan.
O‘zbekistonda balet
Oʻzbek xalqi qadimdan oʻzining mumtoz raqsiga, rang-barang , rivojlangan raqs madaniyatiga ega boʻlib, bu Oʻzbekistonda professional balet sanʼatining rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatgan. 1918-yil Toshkentda Turkiston xalq konservatoriyasi zaminida Davlat rus opera teatri tashkil qilindi. Teatr qoshida kichik balet truppasi ham boʻlgan. 1929-yil teatr opera va balet teatri nomini oldi. "Lolaqizgʻaldoq" (R. Glier), "Raymonda" (A. Glazunov), "Ferenji" (B. Yanovskiy), "Boqchasaroy favvorasi", "Kavkaz asiri" (B. Asafyev) kabi B.lar qoʻyildi. 1933-yil Toshkentda 1-Respublika balet maktabi (1935-yildan Tamaraxonim nomida) ochildi. 1933-yil birinchi oʻzbek milliy balet pantomimasi — "Paxta" (baletmeyster Us t a Olim Komilov) sahnalashtirildi. Keyinchalik "Shohida" (F. Tal), "Gulandom" (Ye. Brusilovskiy), "Togʻlar qalbi" (A. Balanchivadze), "Laylakcha" (D. Klebanov) kabi B.lar oʻzbek mumtoz va xalq raqslari asosida yaratildi. 1941-yilda balet maktabining birinchi bitiruvchilari G. Izmaylova, R. Urmanseva, N. Tarshilova qabilar balet truppasiga kelib qoʻshildi. Ammo truppada tayyorlangan kordebaletning yuqligi mumtoz baletlar qoʻyish imkonini bermasdi. 1943-yildagina "Oqbilak" (S. Vasilenko) baleti qoʻyildi. 1948-yil oʻzbek opera va balet teatri Sverdlov nomidagi rus opera va balet teatri bilan birlashtirilib, A. Navoiy nomidagi opera va balet teatriga aylantirildi va tajribali kordebalet artistlari bilan kuchaytirildi. "Bukri toychoq" (Ch. Puni), "Don Kixot" (L. Minkus), "Oqqush koʻli" (P. Chaykovskiy) kabi mumtoz, "Raqqosa" (G. Mushel) kabi milliy B.lar qoʻyildi. 1948 — 51-yillar Moskva xoreografiya bilim yurti qoshida ochilgan oʻzbek balet studiyasida H. Komilova, G. Mavayeva, K. Yusupova, F. Nosirova, Yo. Hojisaidova, L. Bashirova, A. Nazrullayev, R. Tanguriyev va boshqa taʼlim oldilar.
1947-yil Toshkentda xoreografiya bilim yurti tashkil qilindi. "Yoshlik" (M. Chulaki), "Esmeralda" (Ch. Puni), "Uyqudagi goʻzal" (P. Chaykovskiy) kabi spektakllar qoʻyildi. 50-yillarning oʻrtalarida balet truppasi B. Krriyeva, L. Komilova, S. Tanguriyeva, V. Proskurina, R. Kurmasva, V. Vasilyev, K. Soatov va boshqa balet artistlari bilan toʻldirildi. Truppa tarkibining yangilanishi repertuarga ijro uslubi murakkab mumtoz B.larni ("Jizel", "Shopeniana") kiritish imkonini berdi. 60-yillarda "Bolero" (M. Ravel), "Don Juan" (K. Glyuk), "Spartak" (A. Xachaturyan), "Korsar" (A. Adan), "Kashmir afsonasi" (G. Mushel), "Layli va Majnun" (I. Akbarov), "Sevgi tumori", "Temur Malik" (M. Ashrafiy), "Qirqqiz" (L. Feygin), "Semurgʻ" (B. Brovsin), "Suhayl va Mehri" (M. Leviyev) va boshqa B.lar sahnalashtirildi. 70-yillarga kelib, mumtoz, zamonaviy va milliy baletlar bilan oʻzbek B.i boyidi. "Tanavor" (A. Kozlovskiy), "Oyimqiz va bezori" (D. Shostakovich), "Antoniy va Kleopatra" (E. Lazarev), "Afsonalar vodiysida" (U. Musayev), "Dunyoning yaratilishi" (A. Petrov), "Sevgi haqida qissa" (O. Medikov), "Sevgi va qilich" (M. Ashrafiy), "Uzilgan qoʻshiq" (A. Kalninsh) va boshqa spektakllar shular jumlasidan.
1980–1990-yillar kompozitor va baletmeystrlarning milliy balet yaratish borasidagi harakatlari kuchaydi. "Navroʻz" (Ik. Akbarov), "Quyoshga taʼzim" (R. Abdullayev), "Toʻmaris" (U. Musayev) kabi baletlar milliy baletimiz mavqeini yanada koʻtardi. G. Izmaylova, B. Qoriyeva, V. Vasilyev, G. Hamroyeva, N. Yoqubova, R. Tanguriyev, S. Tanguriyeva, 3. Davletmurodova, R. Karimova, F. Saʼdullayeva qabilar oʻzbek baletini rivojlanishiga munosib hissa qoʻshdilar. 1997-yil Toshkent xoreografiya bilim yurti negizida Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi hamda xoreografiya maktab-internati tashkil etildi.
Adabiyotlar
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil